Oxirgi tahrir: 2026-yil 6-oktabr

Ommaviy oferta

"Timeline" online video montaj kursi bo'yicha xizmat ko'rsatish shartnomasi

1. Umumiy qoidalar

  1. 1.1.Ushbu hujjat "ONESS B GROUP" MCHJ (keyingi o'rinlarda — "Ijrochi") tomonidan onestudio.uz sayti orqali taklif etilayotgan "Timeline" online kursiga (keyingi o'rinlarda — "Kurs") pullik kirish huquqini berish bo'yicha ommaviy oferta hisoblanadi.
  2. 1.2.Kurs uchun to'lovni amalga oshirgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs (keyingi o'rinlarda — "Buyurtmachi") ushbu oferta shartlarini to'liq va so'zsiz qabul qilgan hisoblanadi (aksept). Aksept qilingan oferta yozma shaklda tuzilgan shartnomaga tenglashtiriladi.
  3. 1.3.Sotib olishdan oldin Buyurtmachi ushbu oferta bilan to'liq tanishib chiqishi shart. "Sotib olish" tugmasini bosish va to'lov qilish oferta bilan tanishib chiqilganini va unga rozilikni bildiradi.

2. Shartnoma predmeti

  1. 2.1.Ijrochi Buyurtmachiga Kursning video darslari, amaliy topshiriqlari va qo'shimcha materiallariga (footage, LUT, ovoz effektlari) online platforma orqali kirish huquqini beradi, Buyurtmachi esa ushbu xizmat uchun haq to'laydi.
  2. 2.2.Kurs davomiyligi — 3 oy. Darslarga kirish huquqi to'lov tasdiqlangan kundan boshlab 6 oy davomida amal qiladi.
  3. 2.3.Darslar va amaliy ishlarga beriladigan izohlar (feedback) o'zbek tilida. Kursni tugatib, amaliy topshiriqlarni topshirgan Buyurtmachiga sertifikat beriladi.

3. Narx va to'lov tartibi

  1. 3.1.Kurs narxi va to'lov usullari (bir martalik to'lov, 2 ga bo'lib to'lash, muddatli to'lov) onestudio.uz saytidagi "Narxlar" bo'limida ko'rsatilgan. Narxlar O'zbekiston so'mida.
  2. 3.2.To'lov Payme, Click, Uzcard, Humo yoki Ijrochi taklif etgan boshqa usullar orqali amalga oshiriladi. 2 ga bo'lib to'lashda ikkinchi qism belgilangan muddatda to'lanmasa, Ijrochi kirish huquqini to'lov amalga oshirilgunga qadar to'xtatib turishga haqli.
  3. 3.3.Muddatli to'lov 6 oyga, foizsiz va ustamasiz amalga oshiriladi. Buyurtmachi o'z bank kartasini (Uzcard yoki Humo) Paylov to'lov tizimi orqali SMS-kod bilan bog'laydi va shu bilan Ijrochiga har oy belgilangan oylik summani ushbu kartadan avtomatik yechishga rozilik beradi. Birinchi to'lov darhol, keyingilari har oy birinchi to'lov kuniga mos sanada yechiladi. Karta ma'lumotlari Ijrochi tomonidan saqlanmaydi.
  4. 3.4.Muddatli to'lovda navbatdagi to'lov yechilmasa, 3 kun davomida qayta urinish qilinadi; shundan keyin Ijrochi to'lov amalga oshirilgunga qadar kirish huquqini to'xtatib turishga haqli. To'lov amalga oshgach, kirish qayta tiklanadi.
  5. 3.5.To'lov tasdiqlangach, platformaga kirish uchun login va parol Buyurtmachi ko'rsatgan elektron pochtaga yuboriladi.

4. To'lovni qaytarish

  1. 4.1.Kurs raqamli kontentga kirish huquqi ko'rinishida taqdim etiladi. Platformaga kirish uchun login va parol Buyurtmachiga yuborilgan paytdan boshlab xizmat ko'rsatilgan hisoblanadi.
  2. 4.2.Kirish huquqi berilganidan so'ng Kurs uchun to'langan mablag' qaytarilmaydi. Ushbu shart Buyurtmachi Kursdan to'liq foydalanmagan, o'qishni yakunlamagan yoki uni davom ettirmaslikka qaror qilgan hollarda ham amal qiladi.
  3. 4.3.Agar to'lov amalga oshirilgan bo'lsa-yu, Ijrochi tomonidan kirish huquqi berilmagan yoki to'lov texnik xato tufayli ikki marta o'tgan bo'lsa, Buyurtmachi ortiqcha to'langan summani qaytarishni so'rab murojaat qilishi mumkin.
  4. 4.4.Buyurtmachi to'lovni amalga oshirishdan oldin Kurs dasturi, kompyuter talablari va bepul dars bilan tanishib chiqish imkoniga ega.

5. Tomonlarning huquq va majburiyatlari

  1. 5.1.Ijrochi: to'lovdan so'ng kirish huquqini taqdim etadi; platformaning ishlashini ta'minlaydi; amaliy ishlarga feedback beradi; texnik nosozliklarni imkon qadar tez bartaraf etadi.
  2. 5.2.Ijrochi Kurs dasturini sifatini oshirish maqsadida, umumiy hajmini kamaytirmagan holda yangilash huquqiga ega.
  3. 5.3.Buyurtmachi: to'lovni o'z vaqtida amalga oshiradi; login va parolini uchinchi shaxslarga bermaydi; Kurs materiallarini nusxalamaydi, yozib olmaydi, tarqatmaydi va sotmaydi.
  4. 5.4.Ushbu qoidalar buzilganda Ijrochi Buyurtmachining kirish huquqini to'lovni qaytarmasdan bekor qilishga haqli.

6. Intellektual mulk

  1. 6.1.Kursdagi barcha video darslar, matnlar va materiallar Ijrochining intellektual mulki hisoblanadi. Buyurtmachiga ulardan faqat shaxsiy o'qish maqsadida foydalanish huquqi beriladi.
  2. 6.2.Buyurtmachi Kurs davomida tayyorlagan o'z ishlarini (videolarini) portfolio va tijorat maqsadlarida erkin ishlatishi mumkin.

7. Javobgarlik

  1. 7.1.Ijrochi Buyurtmachining Kursdan keyingi daromadi, ishga joylashishi yoki buyurtmalar olishini kafolatlamaydi — natija Buyurtmachining mehnati va amaliyotiga bog'liq.
  2. 7.2.Ijrochi Buyurtmachining internet aloqasi, qurilmasi yoki kompyuteri Kurs talablariga mos kelmasligi sababli yuzaga kelgan muammolar uchun javobgar emas.
  3. 7.3.Fors-major holatlarida (tabiiy ofat, davlat organlari qarorlari, keng ko'lamli texnik uzilishlar) tomonlar majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.

8. Nizolarni hal qilish

  1. 8.1.Nizolar avvalo muzokaralar yo'li bilan hal qilinadi. Buyurtmachi murojaatini Telegram orqali yuborishi mumkin, Ijrochi uni 10 ish kuni ichida ko'rib chiqadi.
  2. 8.2.Kelishuvga erishilmasa, nizo O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Toshkent shahridagi tegishli sudda ko'rib chiqiladi.

9. Yakuniy qoidalar

  1. 9.1.Oferta Buyurtmachi to'lovni amalga oshirgan paytdan kuchga kiradi va kirish huquqi muddati tugaguniga qadar amal qiladi.
  2. 9.2.Ijrochi oferta shartlarini o'zgartirish huquqiga ega. Yangi tahrir onestudio.uz saytida e'lon qilingan paytdan kuchga kiradi va avval to'lov qilgan Buyurtmachilarga nisbatan qo'llanilmaydi.

Ijrochi rekvizitlari

Ijrochi
"ONESS B GROUP" MCHJ
Manzil
Toshkent shahar
Sayt
onestudio.uz
Telegram
@onstudio_support_bot